Farg‘ona viloyatida rivojlangan davlatlar bilan hamkorlikda ko‘plab tarmoqlarda ilg‘or tajribalarni joriy etishga alohida e‘tibor qaratilmoqda
Qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirishda innovatsion yondashuvlar, ilg‘or texnologiyalar va xorij tajribasidan foydalanish muhim o‘ringa ega. Bu jarayonda, ayniqsa, mazkur yo‘nalishda katta yutuqlarga erishgan mamlakatlari ish uslubi asqotadi. Shu ma‘noda, Farg‘ona viloyatida rivojlangan davlatlar bilan hamkorlikda ko‘plab tarmoqlarda ilg‘or tajribalarni joriy etishga alohida e‘tibor qaratilmoqda.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorovning Xitoyning “Country Garden Group” LLC (Beidahuang) kompaniyasi strategik rivojlanish bo‘yicha maslahatchisi Chjan Guansin boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida ham ayni jihatlarga to‘xtalib o‘tildi.
Muloqot chog‘ida xitoylik investorlar tomonidan Farg‘onada qishloq xo‘jaligi sohasida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Qishloq xo‘jaligi tarmoqlari, xususan, bog‘dorchilik, sabzavotchilik yo‘nalishlarida yuqori qiymatga ega bo‘lgan, eksportbop mahsulotlarni yetishtirish, qayta ishlash va saqlash, ular uchun yangi bozorlar topish, yerlardan samarali foydalanish kabi masalalarda bir qator takliflar ilgari surildi.
Bildirilgan takliflar asosida ikki tomonning qishloq xo‘jaligiga mas‘ul vakillari loyihalar ustida birgalikda ishlab, hamkorlikda chora-tadbirlarni amalga oshirishga kelishib olindi.