Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma‘lumotlariga ko‘ra, bugun dunyo aholisining 60 foizga yaqini yetarli darajada jismoniy faoliyat bilan shug‘ullanmaydi.
Oqibatda yurak-qon tomir tizimi xastaliklari va qandli diabet kasalligiga chalingan bemorlar soni yildan yilga ortib boryapti.
Sog‘lom turmush tarzining 6 ta eng oddiy va samarali qoidalari salomatlikni mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega.
1. Jismoniy faol bo‘lish.
Jismoniy mashqlar sog‘lom turmush tarzining asosi. Shu sababli inson o‘zining yoshi, jismoniy holatiga ko‘ra, piyoda yurish, yugurish, velosiped haydash va hokazolardan biri bilan doimiy shug‘ullanishi lozim. Ularga har kuni kamida 30 daqiqa sarflash tavsiya etiladi.
2. Ratsional ovqatlanish.
Salomatlik ko‘p jihatdan to‘g‘ri ovqatlanishga bog‘liq. Shu bois, vitaminlarga boy taomlar iste‘mol qilish lozim. Meva-sabzavotlar kunlik ratsionning 60 foizgacha qismini tashkil etishi kerak. To‘yingan yog‘ va shakar semizlikka sabab bo‘ladi.
3. Dam olish va uxlash.
Samarali mehnat bilan birga, oqilona dam olish salomatlik uchun juda muhim. Inson o‘zini jismoniy va ruhiy jihatdan ortiqcha zo‘riqtirmasligi zarur. Soat 23:00 dan kechikmay uxlash, bir sutkada kamida 7-8 soat dam olish kerak. Doimiy uyqusizlik sog‘lik uchun xavf tug‘diradi.
4. Toza suv ichish.
Ma‘lumki, tanamizning taxminan 2/3 qismi suyuqlikdan iborat. Barcha hujayra va to‘qimalar, qon, limfa va boshqalarning asosini suv tashkil etadi. Tana esa kuniga taxminan 2,4 litr suv yo‘qotadi. Shu bois, uning normal ishlashi uchun kun davomida kamida 1,5-2 litr suv ichish lozim.
5. Stressni boshqarish.
Bu — sog‘lom turmush tarzining muhim qismi. Stressni boshqara olmaslik jiddiy kasalliklarga olib keladi. Eng yomoni, bu holat e‘tiborsiz qoldirilsa, kashandalik va spirtli ichimliklarga qaramlikka sabab bo‘lishi mumkin.
6. Yomon odatlardan voz kechish (chekish, alkogolizm).
Yomon odatlardan xalos bo‘lish salomatlikning yana bir oltin qoidasi. Har bir chekilmagan sigareta sog‘lom hayot sari tashlangan muhim qadam.