Nikoh tuzmoqchiman. Buni qanday rasmiylashtirish mumkin?
Nikoh tuzish — muhim va mas‘uliyatli qadam bo‘lib, bu jarayonni qonunlarga muvofiq rasmiylashtirish uchun bir qator talablarga rioya qilish kerak. O‘zbekistonda nikoh tuzishning rasmiy tartibi va shartlari ma‘lum qonunlarga asoslangan. O‘zbekiston Respublikasi Oila qonunchiligiga muvofiq, nikohlanuvchilarning o‘zaro roziliklari va ularning nikoh yoshi (o‘n sakkiz yosh)ga etganliklari nikoh tuzishning asosiy shartlari hisoblanadi. Diniy rasm-rusumlarga binoan tuzilgan nikoh huquqiy ahamiyatga ega emas.
Uzrli sabablar mavjud bo‘lganda, alohida holatlarda (homiladorlik, bola tug‘ilishi, voyaga etmaganning to‘la muomalaga layoqatli deb e‘lon qilinishi — emansipasiya), nikoh tuzishni xohlovchi shaxslarning iltimosiga ko‘ra, nikoh tuzilganligini qayd etish joyidagi tuman, shahar hokimi tomonidan nikohga kirish yoshi bir yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga kamaytirilishi mumkin.
Nikoh tuzish uchun qaerga va qanday tartibda murojaat qilish kerak?
Nikohni qayd etish faqat nikohlanuvchi shaxslarning ishtirokida amalga oshiriladi. Nikoh nikoh tuzishni xohlovchi shaxslar bu to‘g‘rida belgilangan namunadagi yozma yoki elektron ariza bilan murojaat etgan kundan keyin bir oy o‘tgach ulardan birining yashash joyidagi FHDYo organi tomonidan qayd etiladi.
Nikohlanuvchilardan biri betobligi sababli FHDYo organiga kela olmaydigan istisno hollarda nikoh tuzilganligi shifoxonada, uyda yoki boshqa tegishli joyda, nikohlanuvchi ikkala shaxsning ishtirokida qayd qilinadi. Dalolatnoma yozuvining «Belgilar uchun» ustunida bu haqda tegishli belgi kiritiladi.
Nikohga kirish haqidagi arizani berishda shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar, ya‘ni pasport, harbiy xizmatchining shaxsiy guvohnomasi yoki harbiy bileti ko‘rsatilishi kerak. Agar nikoh tuzishni xohlovchi harbiy xizmatchi nikohga kirish haqidagi arizani xizmatni o‘tayotgan joyida bersa, u holda tegishli harbiy qism yoki muassasa joylashgan manzil harbiy xizmatchining yashash joyi hisoblanadi.
Agar biron-bir sabab bilan nikoh tuzuvchilarning ikkalasi ayni bir vaqtda kelishi imkoniyati bo‘lmasa, u holda FHDYo organiga arizani ulardan biri berishi mumkin, bu holda kela olmagan shaxsning imzosi belgilangan tartibda tasdiqlangan bo‘lishi lozim.
Qonunchilikda alohida holatlar ham borki istisno tariqasida (agar ota-onasi va nikohga kirayotgan yoshlar O‘zbekiston Respublikasining turli hududlarida yoxud uning tashqarisida yashab turgan bo‘lsalar) nikohlanuvchi shaxslarning iltimosi va otasi yoki onasining yozma arizasiga ko‘ra nikoh ota-onasining yoki ulardan birining yashash joyidagi FHDYo organida ham qayd etilishi mumkin.
FHDYo organi mudiri uzrli sabablar bo‘lganda hamda arizachilarning iltimoslariga ko‘ra bir oylik muddatni qisqartirishi mumkin. Bunda uzrli sabablarni tasdiqlovchi — bolalarining tug‘ilganligi haqidagi guvohnomalari, tibbiyot muassasasining kelinning homiladorligi yoki bir tarafning kasalligi haqidagi ma‘lumotnomasi, xizmat safari to‘g‘risidagi guvohnoma va shu kabi hujjatlar ko‘rsatiladi.
Nikohlanuvchi shaxslar tibbiy ko‘rikdan o‘tishi kerakmi?
Ha, albatta. Tibbiy ko‘rikdan o‘tishlari talab etiladi. FHDYo organlari tomonidan nikohlanuvchi shaxslarning nikoh tuzilganligini qayd etish to‘g‘risidagi arizasini qabul qilishda belgilangan tartibda tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun yo‘llanma beriladi.
Agar nikohlanuvchi shaxslar ellik yoshdan oshgan bo‘lsa, shuningdek ushbu Kodeks 13-moddasining beshinchi qismida ko‘rsatilgan alohida hollar ya‘ni homiladorlik, bola tug‘ilishi, bir tarafning kasalligi va boshqalar mavjud bo‘lganda tibbiy ko‘rikdan o‘z roziligi bilan o‘tkaziladi. Bunda ellik yoshgacha nikoh tuzuvchi shaxslar OIV-infeksiyasi yuzasidan tibbiy tekshiruvdan majburan o‘tishi kerak.
FHDYo organlari xodimlari nikohni qayd etish vaqtida o‘zlariga ma‘lum bo‘lgan shifokorlik sirlaridan iborat bo‘lgan ma‘lumotlarni oshkor etganligi uchun belgilangan tartibda javob beradilar.
FHDYo organi tushuntirish ishlari olib borishi shart!
Belgilangan namunadagi ariza nikohlanuvchilarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari asosida to‘ldiriladi va barcha savollarga aniq va to‘liq javoblar berilishi kerak. Ariza aniq, tushunarli dastxat bilan yozilishi lozim.