Milliy armiyada xizmat qilish muqaddas burch va sharafdir
Farg‘onada joriy yilgi chaqiruv doirasida muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan yigitlarni tantanali kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimligi, Sharqiy harbiy okrug qo‘mondonligi, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, harbiy xizmatchilar, Qurolli Kuchlar faxriylari, ota-onalar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tantanali tadbirda so‘z olgan viloyat hokimi, harbiy-ma‘muriy sektor rahbari Xayrullo Bozorov harbiy xizmatga otlanayotgan yigitlarga ezgu tilaklar bildirib, vatan himoyasi har bir yigitning muqaddas burchi, armiya-vatanparvarlik va jasorat maktabi ekanligini ta‘kidladi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilgan islohotlar natijasida Qurolli Kuchlarimizning jangovor kuch-qudrati oshirilib, armiyamizning bugungi qiyofasini tubdan o‘zgargani, harbiylar va askarlar uchun barcha sharoitlar yaratilayotgani, ularga yurtimizga sadoqat va fidoyilik bilan xizmat qilayotganligi aytib o‘tildi. Milliy armiyamizda xizmat qilish yurtimiz o‘g‘lonlarining shon-sharafiga aylanayotganligi, bu ularga faxr-iftixor bilan birga yuksak mas‘uliyat ekanligi qayd etildi.
Chaqiriluvchilarning ota-onalariga farzandlarini Vatanga sadoqatli va mard qilib tarbiyalaganlari uchun minnatdorchilik bildirildi.
Askarlarga Vatan himoyasi yo‘lidagi sharafli xizmatlarida omadlar tilanib, ularga esdalik sovg‘alari topshirildi. Harbiylarning ko‘rgazmali chiqishlari, harbiy orkestr ijrosidagi kuy-sadolar barchaga ko‘tarinkilik bag‘ishladi.
Bunday tantanali kuzatish marosimlari joylarda davom etmoqda hamda xalq va armiya o‘rtasidagi birdamlikni yanada mustahkamlanishiga xizmat qilmoqda.