Farg‘onada harbiy xizmatchilar uchun o‘quv-uslubiy seminar tashkil etildi
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Farg‘ona viloyati Kengashi tomonidan kuch tuzilmalari bilan hamkorlikda harbiy qism va muassasalarning yoshlar tashkiloti boshlang‘ich tashkilot yetakchilari hamda yo‘nalish sardorlari, oliy ta’lim muassasalaridagi “Qalqon” jamoatchilik guruhi a’zolari uchun o‘quv-uslubiy seminar bo‘lib o‘tdi.
Viloyat axborot-kutubxona markazida tashkil etilgan seminarda viloyat hokimining o‘rinbosari Sherzod Polvonov so‘z olib, yoshlar siyosati va ma’naviy-ma’rifiy ishlarning dolzarb vazifalariga to‘xtalib o‘tdi. Yoshlar bilan ishlashda harbiy xizmatchilarning o‘rni, burch va mas’uliyat, vatanparvarlikni shakllantirishdagi muhim yo‘nalishlar bo‘yicha so‘z yuritildi.
Ishtirokchilar zamonaviy pedagogik yondashuvlar, mafkuraviy tarbiyaning ahamiyati hamda ilg‘or tajribalar bilan tanishishdi. Kelgusidagi ish jarayonlarida foydalanishlari uchun mutaxassislar tomonidan metodik tavsiyalar berildi. Yakunda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatidagi faol ishtiroki uchun kuch tuzilmalaridagi bir qator yoshlar yetakchilariga maxsus sertifikatlar topshirildi.