“O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”
Davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini rivojlantirish hamda raqamlashtirish orqali fuqarolarga qo‘shimcha qulayliklar yaratilayotganligi va ma‘muriy islohotlar doirasida respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari qayta tashkil etilganligi munosabati bilan qonunchilik hujjatlarini yanada takomillashtirish zaruriyati yuzaga kelmoqda.
Ushbu Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat majmuida elektron shakldagi mehnat shartnomasini rasmiylashtirish tartibini joriy etishni, ish haqi saqlanmaydigan ta‘til davomiyligini belgilash tartibini va xodimning o‘rtacha ish haqini hisoblash tartibini o‘zgartirishni nazarda tutuvchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
“Ta‘lim to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq xodimlar kechki yoki sirtqi ta‘lim shaklida o‘qishi mumkin bo‘lgan ta‘lim tashkilotlarining turlarini aniqlashtiruvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Shuningdek homiladorligi yoki farzandi borligi sababli xodimni ishdan bo‘shatishga taqiq joriy etilmoqda.
Shuningdek ushbu Qonun bilan kiritilayotgan o‘zgartirishlarga muvofiq davlat organlari va tashkilotlari ishga qabul qilish chog‘ida ishga kirayotgan shaxsning pasportiga yoki identifikasiyalovchi ID-kartasiga, mehnat daftarchasiga oid ma‘lumotlarni mustaqil ravishda, shu jumladan axborot tizimlaridagi idoralararo integrasiyalashuv platformalari orqali so‘rab oladi.
Ushbu Qonun fuqarolarning mehnat huquqlari kafolatlari ta‘minlanishiga, mehnat sohasidagi munosabatlarning elektron tizimga o‘tishini ta‘minlashga, shuningdek davlat organlari va tashkilotlariga ishga kirayotgan fuqarolardan ortiqcha hujjatlarni talab qilish hollarini bartaraf etishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 28-oktbrda qabul qilingan O‘RQ-798-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga quyidagi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi:
11-modda:
oltinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etildi:
“Mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikning amal qilishi O‘zbekiston Respublikasi davlat xizmatchilariga, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi davlat muassasalariga (diplomatik, konsullik muassasalariga va boshqa muassasalarga) ishga yuborilgan xodimlarga va muqobil xizmatni o‘tayotgan shaxslarga nisbatan qonunlarda nazarda tutilgan o‘ziga xos xususiyatlar inobatga olingan holda tatbiq etiladi”;
quyidagi mazmundagi ettinchi qism bilan to‘ldirildi:
“Davlat fuqarolik xizmatchilarining mehnatga oid munosabatlariga nisbatan mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikning amal qilishi “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni bilan tartibga solinmagan qismi bo‘yicha tatbiq etiladi”;
123-modda ikkinchi qismining uchinchi xatboshisidagi “O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi” degan so‘zlar “O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi” degan so‘zlar bilan almashtirildi;
241-moddaning ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etildi:
“Xodimning yozma arizasiga ko‘ra unga ish haqi saqlanmaydigan ta‘til berilishi mumkin bo‘lib, uning davomiyligi xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra belgilanadi, lekin u o‘n ikki oylik davr mobaynida jami uch oydan ortiq bo‘lmasligi kerak”;
245-moddaning birinchi qismidagi “Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha respublika uch tomonlama komissiyasi tomonidan ishlab chiqilgan takliflar hisobga olingan holda” degan so‘zlar “insonning munosib turmush darajasini ta‘minlash zarurati hamda Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha respublika uch tomonlama komissiyasi tomonidan ishlab chiqilgan takliflar hisobga olingan holda” degan so‘zlar bilan almashtirildi;
385-moddaning birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etildi:
“Oliy, o‘rta professional va o‘rta maxsus professional ta‘lim tashkilotlarida kechki yoki sirtqi ta‘lim shakli bo‘yicha o‘qiyotgan xodimlarga o‘rtacha ish haqi saqlangan holda laboratoriya-imtihon sessiyalarida ishtirok etgan davr uchun o‘quv ta‘tillari: