"Tinchlik" mahallasi sportchi qizlari viloyat bosqichida faxrli o‘rinni egalladi
“Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida sportning mini futbol turi bo‘yicha Davlat xavfsizlik xizmati raisi kubogi musobaqalarining viloyat bosqichlari bo‘lib o‘tdi.
Ushbu nufuzli musobaqaning mini futbol turi bo‘yicha qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan bellashuvlarida Farg‘ona tumani “Tinchlik” mahallasi yoshlari jamoasi ham munosib ishtirok etdi. Viloyatning turli hududlaridan tashrif buyurgan jamoalar o‘rtasida kechgan murosasiz bahslarda “Tinchlik” mahallasi qizlari mardonavor harakat qilib, faxrli 3-o‘rinni qo‘lga kiritdilar.
Musobaqa yakunida g‘olib jamoalar tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Farg‘ona tumani hokimligi nomidan “Tinchlik” mahallasi sportchi qizlarini ushbu yutuq bilan tabriklab, ularning kelgusi o‘qishlari va faoliyatlarida omad va zafarlar tilaymiz!